IIV akademiyasida yetakchi xorijiy davlatlarning tajribali mutaxassislarini ta’lim jarayoniga jalb qilish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu kunlarda Xitoy Jamoat xavfsizligi universiteti vakillari tomonidan “raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishida ta’lim olayotgan kursantlar uchun navbatdagi mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.
Bir haftalik mashg‘ulotlar davomida kursantlar elektron dalillar bilan ishlash, ma’lumotlarni to‘plash, saqlash va qayta ishlash, tarmoq axborotini monitoring qilish, shuningdek kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda qo‘llanilayotgan ilg‘or yondashuvlar bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarini oshiradilar.
Mashg‘ulotlar oldidan universitet mutaxassislari akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlarga ta’lim jarayonlari, mutaxassislik yo‘nalishlari, o‘qitishning zamonaviy metodlari, kursant va tinglovchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi. Ta’lim muassasalari vakillari o‘zaro muloqot qilib, xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirish, dolzarb yo‘nalishlarda tajriba almashish, hamkorlikni izchil davom ettirish borasida fikr almashdilar.
Aytish joizki, mashg‘ulotlarga Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya va boshqa davlatlardan tajribali professor-o‘qituvchilarning jalb qilinayotgani ta’lim sifatini oshirish bilan bir qatorda, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.
IIV akademiyasi Axborot xizmati