Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

XI XALQARO KONFERENSIYA BO‘LIB O‘TMOQDA

12 Sentyabr 2022, 07:09

1075

Bugun, 12-sentyabr kuni Bangladesh poytaxti Dakka shahrida Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi (INTERPA)ning XI konferensiyasi o‘z ishini boshladi.

“Politsiya faoliyatini raqamlashtirish” mavzusida tashkil etilgan navbatdagi xalqaro anjumanda tashkilotga a’zo ta’lim muassasalari delegatsiyalari, qator xalqaro tashkilotlardan ekspertlar, axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar qatnashmoqda.

Anjumanning birinchi kuni tashkilotning yalpi majlisi bilan boshlandi. Unda INTERPA prezidenti Yilmaz Cholak, Bangladesh politsiya kolleji rektori Xandker G‘ulom Faruk, mamlakat Ichki ishlar vaziri Asaduzzamon Xon va boshqalar so‘zga chiqib, global o‘zgarishlar jarayonida ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yuqori ishonch va hamdo‘stlik ruhida izchil rivojlanib borayotganini e’tirof etishdi.

Qayd etilganidek, hozirgi murakkab sharoitda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, xususan, zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarni samarali hamkorliksiz hal etib bo‘lmaydi. Tashkilot doirasida tajriba almashinuvini kengaytirish barqaror tinchlik va taraqqiyot yo‘lida birlashishga xizmat qiladi.

Kunning ikkinchi yarmida konferensiya a’zolari ikki sho‘baga bo‘lingan holda muhokamalarni davom ettirishdi. Kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan Bangladesh, Italiya, Sudan, Vyetnam, Turkiya mamlakatlari vakillarining ma’ruzalari tinglandi.

Shu o‘rinda tashkilot haqida: Xalqaro politsiya akademiyalari assotsiatsiyasi (INTERPA)ga 2011-yil 2-iyulda Turkiyaning Istanbul shahrida asos solingan. O‘sha yili tashkilot a’zoligiga 22 davlatdan jami 24 ta turdosh oliy ta’lim muassasaci qabul qilingan. Bugunga kelib tashkilot a’zolari soni 59 mamlakatdan 76 ta o‘quv muassasasini tashkil etadi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun yetuk malakali kadrlar tayyorlashda zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish, ta’lim, ilm-fan va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida o‘zaro tajriba almashinuvini muvofiqlashtirish xalqaro tashkilotning asosiy vazifasi sanaladi.

Eslatib o‘tamiz, 14-sentyabrga qadar bo‘lib o‘tadigan XI xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech