Prezidentimizning joriy yil 5-yanvardagi qarori mahallalarda xavfsiz muhit yaratish yo‘lida olib borilayotgan ishlarga yangicha sur’at bag‘ishladi.
Qaror ijrosi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo, Beruniy, Qo‘ng‘irot, Kegayli va Nukus tumanidagi mahallalar ham qamrab olinib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Hududlarga biriktirilgan IIV akademiyasi ishchi guruhi vakillari tomonidan 3 yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan “Markaziy”, “Bosuv”, “Besh tom”, “Alisher Navoiy”, “Gulzor” va “Do‘stlik”, “Xorazm”, “To‘qimachi”, “Beskala”, “Qipshaq”, “Baxitli”, “Samanbay” mahallalarida ilmiy-amaliy o‘rganishlar olib borildi.
Manzilli ishlar natijasida mahallalarning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan 29 ta “jinoyat o‘chog‘i” aniqlandi. Choraklik “yo‘l xarita”lar atroflicha o‘rganilib, aniq chora-tadbirlarni qamrab olgan taklif va tavsiyalar bilan to‘ldirildi.
“Mahalla yettilik”lari bilan birgalikda 12 ta “xavfsiz ko‘cha”, 9 ta “xavfsiz uy” tashkil qilindi. Jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida 15 ta obyekt texnik qo‘riqlovga olinib, hududlar tashvish tugmalari bilan ta’minlandi.
“Xonadonbay” o‘rganishlar davomida fuqarolar bilan manzilli muloqot qilinib, ularning muammolari o‘rganildi. Ijtimoiy profilaktika obyekti bo‘lgan 242 nafar shaxs aniqlanib, “mahalla yettiligi”ga yo‘naltirildi. Bundan tashqari, sayyor qabullar jarayonida aholidan kelib tushgan murojaatlar asosida tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Bugungi kunda mahallalarda tuzilgan targ‘ibotchi guruhlar bilan birgalikda aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibotlar o‘tkazish, xavfsiz muhit yaratish borasidagi keng qamrovli ishlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish, ayollar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, fuqarolarga huquqiy maslahaat va yordam ko‘rsatish, “yo‘l xarita”lar ijrosini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
IIV akademiyasi Axborot xizmati