Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Xalqaro forum doirasida muhim hujjatlar imzolandi

25 Iyun 2025, 05:06

38

23-24-iyun kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida yirik xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda hukumat a’zolari, qator huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xalqaro tashkilotlar va xorijiy oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, shu jumladan, mamlakatimizdan IIV akademiyasi hamda Jamoat xavfsizligi universiteti vakillari ishtirok etdi.

Global xavf-xatarlar sharoitida mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy qilish, boshqaruv kadrlarini tayyorlashda yangi formatlarni qo‘llash forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad bo‘ldi.

Forum ochilishida Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov so‘z olib, dunyo geosiyosiy transformatsiyalar davriga qadam qo‘ygan bugungi tahlikali sharoitda xavfsizlik va barqarorlik masalalari tobora dolzarb xususiyat kasb etayotganini ta’kidlab, xalqaro forumning ahamiyatiga to‘xtaldi.

Ichki ishlar organlari faoliyatini boshqarishning zamonaviy modellarini yaratish mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligini qayd etib, Qozog‘iston Respublikasi IIV Boshqaruv akademiyasi tashkil etilganligi bilan yig‘ilganlarni qutladi.

Tadbirda, shuningdek, Belarus, Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning turdosh oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, xalqaro va mahalliy mutaxassislar so‘zga chiqdi. Forum hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olish, mintaqaviy va global darajadagi muammolarning samarali yechimlarini ishlab chiqishda o‘ziga xos muloqot maydoni bo‘lgani qayd etildi.

IIV akademiyasi rahbari Rustam Xatamov so‘z olar ekan, mintaqamizda hukm surayotgan yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik muhiti barcha davlatlar, shu jumladan, O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlariga sifat jihatdan yangi mazmun bag‘ishlaganini alohida e’tirof etdi. Ikki tomonlama aloqalar ko‘plab sohalar qatorida, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash sohasida ham izchil rivojlanib borayotgani ta’limdagi ilg‘or jihatlarni ommalashtirishga xizmat qilayotganini aytib o‘tdi.

“Akademiyamizda ichki ishlar organlari uchun rahbar kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan magistratura faoliyat yuritmoqda. Ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan ilg‘or mexanizmlar zamonaviy talablarga mos yangi avlod rahbar kadrlarini tayyorlash imkonini bermoqda. Bu borada samarali tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamkorligimizni yanada mustahkamlaydi”, – dedi u.

Forum davomida muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, IIV akademiyasi, Qozog‘iston Respublikasi IIV Boshqaruv akademiyasi hamda Oqto‘ba yuridik instituti o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Shuningdek, mehmonlar Boshqaruv akademiyasi faoliyati hamda Ostona shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishib,  Qozog‘iston Respublikasi politsiyasi kuni munosabati bilan o‘tkazilgan madaniy tadbirda qatnashdilar.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech