Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida Osiyo politsiya ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi (APTA) Bosh assambleyasining o‘ninchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Janubiy Koreya, Indoneziya, Filippin, Nepal, Tailand, Shri-Lanka, Sharqiy Timor, Mo‘g‘uliston va O‘zbekistondan tashkilotga a’zo 14 ta ta’lim muassasasi vakillari qatnashdi.
O‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, hamkorlik aloqalarini kengaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlashda ilg‘or yondashuvlarni qo‘llash yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masala bo‘ldi. So‘zga chiqqanlar bugungi global sharoitda ta’lim integratsiyasini kuchaytirish dolzarbligini ta’kidlagan holda xalqaro tashkilot manfaatli aloqalarni yangi imkoniyatlar bilan boyitishda muhim platformaga aylanganini e’tirof etishdi.
Yig‘ilishda 2024–2028-yillarga mo‘ljallangan strategik reja doirasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi. Vetnam xalq xavfsizlik akademiyasi tashkilot a’zoligiga qabul qilingan bo‘lsa, BMT Giyohvand modddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC)ning Janubi-Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha vakiliga muloqot bo‘yicha doimiy hamkor maqomi berildi. APTA vitse-prezidenti, Mo‘g‘uliston ichki ishlar universiteti rahbari T. Suxbold munosabatlarning o‘zaro ishonch va birdamlik ruhi bilan mustahkamlanib borayotgani kelajak maqsadlar sari muhim qadam bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
Yig‘ilish davomida tashkilotga a’zo ta’lim muassasalari delegatlari o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi. Xususan, IIV akademiyasi boshlig‘ining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari N. Turg‘unova mamlakatimiz ichki ishlar organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, o‘quv dargohida yo‘lga qo‘yilgan ta’lim mexanizmlari, xalqaro aloqalarda ustuvor ahamiyat kasb etayotgan tamoyillar haqida ma’ruza qildi. Shu yerning o‘zida yig‘ilganlarga akademiya faoliyatiga oid viderolik taqdim qilindi.
Shu kuni “Politsiya xodimlarini tayyorlashda sifatni baholash va rivojlanish tendensiyalari” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ham o‘tkazildi. Ilmiy anjumanda ta’lim jarayonlarini takomillashtirish, amaliyotga raqamli yondashuvlarni keng joriy qilish, politsiya xodimlari salohiyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. So‘zga chiqqanlar tomonidan o‘qitish dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, kiberjinoyatchilik, sun’iy intellekt va raqamli dalillar sohasida qo‘shma mashg‘ulotlar tashkil etish, raqamli platformalar va integratsiyalashgan tizimlarni yo‘lga qo‘yish, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish borasida takliflar bildirildi.
Aytish joizki, Mo‘g‘uliston safari chog‘ida APTAga a’zo ta’lim tashkilotlari rahbarlari ishtirokida ikki tomonlama uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. IIV akademiyasi vakillari Mo‘g‘uliston ichki ishlar universiteti mutasaddilari bilan muloqot qilib, istiqboldagi rejalar yuzasidan fikr almashdilar. Uchrashuv yakunida o‘quv muassasalari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Bir so‘z bilan aytganda, APTA Bosh assambleyasining navbatdagi yig‘ilishi zamonaviy tahdidlar sharoitida sa’y-harakatlarni birlashtirish, hamkorlikni amaliy jihatdan mustahkamlash, global muammolarga qarshi birgalikda yechim topishda muhim ahamiyat kasb etdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati