IIV akademiyasi kursantlari uchun “Muloqot” klubining navbatdagi uchrashuvi tashkil qilindi.
Tashkiliy-shtab faoliyati kafedrasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirga vazirlik Tashkiliy departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Bekzod Yusupov hamda Situatsion-tahliliy markaz bo‘lim boshlig‘i Otabek Shohakimov taklif etildi.
Muloqot chog‘ida kursantlarga ichki ishlar organlarini raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar xususida ma’lumot berildi. Soha mutaxassislari jinoyat va hodisalarga oid ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish va ko‘rib chiqishda “E-material” axborot tizimidan foydalanish, uning imkoniyatlari va afzalliklari haqida so‘zlab berdilar.
Savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan tadbir davomida kursantlar o‘zlari uchun zarur bo‘lgan ma’lumot va tavsiyalarni oldilar. Uchrashuvda magistratura tinglovchilarining qatnashgani amaliyotdagi dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashish, tizim faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan takliflarni bildirish imkonini berdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati