IIV akademiyasi boshlig‘i o‘quv dargohida ta’lim olayotgan kursant qizlar bilan muloqot qildi.
Tadbir avvalida Rustam Xatamov kursantlarni xotin-qizlar bayrami bilan qizg‘in tabrikladi. Yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning ta’lim olishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, kelajak orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar qayd etildi.
– Xalqimizda qizlar tarbiyasi milliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Keyingi yillarda muhtaram Prezidentimizning yuksak e’tibori bilan qizlarning o‘qishi, zamonaviy kasblarni egallashi, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. Buning ezgu samarasini sizlar kabi bilim olish yo‘lida astoydil o‘qib-izlanayotgan qizlar timsolida ko‘rib turibmiz, – dedi R. Xatamov.
Akademiya rahbari yig‘ilganlarga murojaat qilar ekan, kursantlarni bilim olib, o‘z ustida ishlashga, davlatimizning yuksak ishonchini oqlashga da’vat qildi. “Sizlar millatimiz davomchilari, yurtimiz tayanchisiz. Ertangi yutuqlaringiz bugun olayotgan ta’lim va tarbiyangizga bog‘liq. Vatanimiz va xalqimiz uchun sadoqat bilan xizmat qilib, oilaning mustahkam tayanchi bo‘lishingiz zarur”, dedi u.
Bayramona tadbirda tengdoshlariga namuna bo‘layotgan bir guruh qizlar rag‘batlantirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati