Adiblar xiyobonida buyuk ajdodimiz, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Taniqli olimlar, adiblar, oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etgan tadbir avvalida bobomiz haykali poyiga gullar qo‘yildi. Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari M. Mirzo, Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i o‘rinbosari I. Mahmudov, IIV akademiyasi professori D. Razzoqov va shoira F. Afro‘z so‘z olib, buyuk ajdodimizning hayoti va ijodiga keng to‘xtaldilar.
Chunonchi, Mirzo Boburning insoniyat tarixidagi o‘rni, davlat arbobi, mohir sarkarda, olim va shoir sifatida amalga oshirgan ishlari, ajdodimizdan qolgan bebaho ilmiy-adabiy merosning hozirgi kundagi ahamiyati, Bobur she’riyatida aks etgan insoniy g‘oyalar haqida mulohazalar bildirildi.
Jamoat xavfsizligi universiteti va IIV akademiyasi kursantlarining chiqishlari, iqtidorli yoshlar ijro etgan g‘azallar, kitoblar ko‘rgazmasi tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati