Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

TIZIMDАGI ISLOHOTLАR – АMАLDА

15 Sentyabr 2021, 03:09

782

 

Hududiy IIO rahbarlari ishtirokida mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining qarori asosida joriy o‘quv yilidan ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlashning yangi tizimlari joriy etildi.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vaziri tomonidan 2021-yil 25-avgustda qabul qilingan “Ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmatlarining Аkademiyada malakali mutaxassis kadrlarni tayyorlashdagi faoliyatini tizimli tashkil etish to‘g‘risida”gi buyruqda hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari tomonidan har oyda kamida bir marotaba Аkademiya kunduzgi taʼlim bakalavriatining tegishli hududdan jamlangan kursantlari, magistratura tinglovchilari va ixtisoslashtirilgan kafedralar professor-oʼqituvchilari ishtirokida onlayn master-klass mashg‘ulotlarini tizimli o‘tkazib borish nazarda tutilgan.

Onlayn tarzda tashkil etilgan ilk mashg‘ulotni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik Аytbay Temirxanov olib bordi.

Mashg‘ulot avvalida Аkademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov so‘z olib, o‘quv jarayoniga tatbiq etilayotgan zamonaviy yondashuvlarning ahamiyat haqida to‘xtaldi. “Taʼlimning amaliyot bilan uzviyligini taʼminlashda bu kabi mashg‘ulotlar katta samara beradi. Kursantlarimiz kelgusida faoliyat olib boradigan hududining o‘ziga xos xususiyatlari, sodir etilgan jinoyatchilik dinamikasi, ularni keltirib chiqarayotgan sabab hamda shart-sharoitlarni o‘rganish orqali o‘zlarining professional jihatlarini yuksaltirib boradilar”, - dedi u.

Shundan soʼng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri hududlarning kriminogen holatini tahlil qilib, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etishning dolzarb masalalariga toʼxtaldi.

Taʼkidlanishicha, respublika tumanlari, qishloq va ovullari orasidagi masofaning uzoqligi hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri sanaladi. Masalan, Nukus shahri markazidan Mo‘ynoq tumanigacha 220, To‘rtko‘l tumanigacha 180, Taxtako‘pir tumanigacha 120 kilometr masofani bosib o‘tish kerak. Bu esa joylarda jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasini manzilli va taʼsirchan amalga oshirishga birmuncha noqulaylik tug‘dirishi tabiiy.

Tahlillarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi mobaynida respublika hududidagi 422 ta mahallaning 226 tasida umuman jinoyat sodir etilmagan, yana 69 ta mahallaning kriminogen holati barqarorligicha saqlangan. “Qizil” toifadagi hududlarda esa asosan bezorilik, talonchilik, og‘ir tan jarohati yetkazish, firibgarlik, o‘g‘irlik, yo‘l transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘paygan.

Hisobot davrida respublika bo‘ylab jinoyatchilikni jilovlash maqsadida keng qamrovli profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilib, mavjud muammolar “xavfsiz xonadon”, “xavfsiz hovli”, “temir daftar”, “yoshlar daftari”, “ayollar daftari” singari mexanizmlar yordamida hal etilgan. Profilaktik hisob va maʼmuriy nazoratga olingan shaxslar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda vaqtincha ishsiz qatlamlariga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatilgan. Doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan xotin-qizlar va yoshlar uchun qo‘shimcha daromad manbalari yaratilib, kasb-hunarga yo‘naltirilgan. Notinch oilalardagi muhit o‘rganilib, nizoli holatlar barvaqt oldini olingan. Bu ham hududlarning kriminogen vaziyatini barqaror saqlash, sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olishga muhim omil bo‘lmoqda.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan mashg‘ulotda Аkademiyani tamomlayotgan yosh kadrlarning xizmat faoliyati tahlil qilinib, nazariya va amaliyot o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash, kadrlar salohiyatiga qo‘yilayotgan zamonaviy talablar asosida taʼlim sifatini yuksaltirish borasida mulohazalar bildirildi.

Maʼlumot o‘rnida aytish kerakki, master-klass mashg‘ulotlari kelgusi yilning may oyiga qadar davom etadi. 14-15-sentyabr kunlari Аndijon hamda Buxoro viloyatlari IIBlari boshliqlari ishtirokida ham onlayn mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

IIV Аkademiyasining Аxborot xizmati

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech