IIV akademiyasida Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosib nishonlandi.
Soha faxriylari, rahbariyat vakillari, professor-o‘qituvchilar, magistratura tinglovchilari ishtirok etgan tadbirda jamoa a’zolarining yutuqlari, sharafli hamda mas’uliyatli xizmatlari e’tirof etildi.
Tadbir avvalida akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, yig‘ilganlarni bayram bilan qutladi.
Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ulkan yutuq va marralar qo‘lga kiritilgani, inson qadrini ulug‘lash, xalqimizni rozi qilishga qaratilgan islohotlar zamirida, eng avvalo, yurtimizda hukm surayotgan xavfsiz va osoyishta muhit mustahkam poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
Jahonda geosiyosiy vaziyat tobora murakkablashib, xavfsizlikka tahdidlar ortib borayotgani, hozirgi tahlikali sharoitda milliy manfaatlarimizni himoya qilish, tinchligimizni ko‘z qorachig‘iday asrash, yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish, bir so‘z bilan aytganda, yurtga yuksak daxldorlik va fidoyilik hissi bilan yashash ustuvor vazifa ekanligi ta’kidlandi.
– Yoshlarimizning kasbiy salohiyati, jangovar shayligi, professional mahoratini yanada mustahkamlash bilan birga, siyosiy-ma’naviy dunyoqarashini ham muntazam yuksaltirib borishni zamonning o‘zi talab etmoqda. Bu borada buyuk ajdodlarimizning sharafli hayot yo‘li, ulkan ilmiy merosi bizga dasturulamal bo‘ladi, – dedi akademiya boshlig‘i.
Sana munosabati bilan soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, yosh avlodni vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, ichki ishlar organlarining faoliyat samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh professor-o‘qituvchi va xodimlarga idoraviy mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir ona Vatanimizni, yurtimizda kechayotgan yangilanishlarni, osoyishtalik posbonlarini sharaflagan konsert dasturi bilan yakunlandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati