Avval xabar qilinganidek, IIV akademiyasida Xitoy Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari uchun o‘quv kursi tashkil qilingan edi.
O‘quv dasturi asosida ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari tomonidan jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, terrorizm, ekstremizm, odam savdosi, kiberjinoyatchilik va boshqa xavf-xatarlarga qarshi kurashish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini samarali tashkil qilish kabi yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, universitet vakillari yurtimiz tarixi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, taraqqiyot strategiyamizda belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati yoritilgan ma’ruzalar tingladilar. Shu bilan birga, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda yurtimizning diqqatga sazovor maskanlariga sayohatlar uyushtirildi.
O‘quv kursi yakuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda delegatsiya rahbari Jang Jou so‘z olib, hozirgi global sharoitda tajriba almashinuvini kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
“Qisqa vaqt mobaynida o‘zimiz uchun ko‘p jihatlarni oldik. O‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan samimiy muloqot qilib, yutuqlarimiz haqida fikr almashdik. Aytishim joizki, akademiya faoliyati bilan tanishish chog‘ida o‘ziga xos yondashuvlarga guvoh bo‘ldim. Avvalo, ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Kursantlar bilan olib borilayotgan vatanparvarlik tarbiyasi buyuk allomalarning ibratli hayoti va boy merosiga tayanilgan holda amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, ta’lim sifatini oshirish maqsadida professor-o‘qituvchilarning dars mashg‘ulotlarini monitoring qilib borish yo‘lga qo‘yilgan. Albatta, bular zamonaviy ta’limning muhim xususiyatlari sanaladi”, – dedi u.
Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov paritet asosida amalga oshirilayotgan qo‘shma dasturlar ikki mamlakat yoshlari uchun ulkan imkoniyat yaratayotganini e’tirof etib, shunday dedi:
“Ta’lim muassasalarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. O‘tgan davr mobaynida dolzarb mavzularga qaratilgan malaka oshirish kurslari, mahorat dasrlari tashkil qilindi. Muhimi, tajriba almashish borasida samarali tizim yo‘lga qo‘yildi. Bugungi axborot texnologiyalari davrida innovatsion yutuqlarni o‘rganish va ilg‘or yondashuvlarni amaliyotga joriy etish strategik omil sanaladi. Shu bois, hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va yangi formatlarda davom ettirish manfaatlarimizga xizmat qiladi”.
Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi maslahatchisi Chen Yuy so‘z olib, ko‘p qirrali aloqalarning yangi zamon ruhiga mos ravishda mustahkamlanib borayotgani uzoq muddatli strategik hamkorlik samarasi ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Shundan so‘ng universitet vakillariga sertifikatlar topshirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati