Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

SUN’IY INTELLEKT SOHASIDA ENG ILG‘OR TAJRIBALAR O‘RGANILADI

28 May 2025, 05:05

127

IIV akademiyasi va Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiasiyasi (AICA) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda assotsiasiya boshqaruvi raisi Vladimir Norov va akademiya rahbari Rustam Xatamov atroflicha fikr almashdilar.

Hozirgi globallashuv sharoitida sun’iy intellekt texnologiyalari jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olayotgani, sohada qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlar taraqqiyotning jadal sur’atlarda o‘sishiga muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

AICA boshqaruvi raisi V. Norov davlatimiz rahbari tomonidan ayni sohaga alohida e’tibor qaratilayotgani, keyingi yillarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishga doir qator hujjatlar, xususan, “Sun’iy intellekt – 2030” strategiyasi qabul qilingani, bu borada assotsiasiya tomonidan ustuvor maqsad va vazifalar belgilab olinganini qayd etdi.

Muloqot chog‘ida ichki ishlar organlari faoliyatida sun’iy intellektdan foydalanish istiqbollari, bu borada yechimini kutayotgan masalalar, kelgusidagi vazifalar, ta’limni raqamlashtirishning afzalliklari haqida so‘z bordi.

Akademiya rahbari ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish faoliyatning asosiy yo‘nalishlardan biri ekanligini ta’kidlab, so‘nggi yillarda amaliyotga tatbiq qilingan innovatsion yondashuvlar, xususan, “Smart-akademiya” plaformasi doirasida amalga oshirilayotgan maqsadli chora-tadbirlarga to‘xtalib o‘tdi. Shu yerning o‘zida assotsiatsiya vakillariga ta’lim muassasasidagi yangilanishlarga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.

Tomonlar ilg‘or tajriba va yutuqlarni o‘rganish muhimligini e’tirof etgan holda Markaziy Osiyo sun’iy intellekt assotsiasiyasi va IIV akademiyasi o‘rtasidagi hamkorlik memorandumini imzoladilar.

Shundan so‘ng mehmonlar Ta’lim sifatini monitoring va nazorat qilish markazi, magistraturada yo‘lga qo‘yilgan o‘quv jarayonlari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Axborot-resurs markazining zamonaviy imkoniyatlari bilan tanishib, o‘quv tezkor-tergov guruhlari uchun mo‘ljallangan maxsus transport vositalarini ko‘zdan kechirdilar.

Ichki ishlar organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim va ilmiy faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan ilg‘or yondashuvlar mehmonlar tomonidan alohida e’tirof etildi.

Shu kunning o‘zida AICA boshqaruvi raisi Vladimir Norov magistratura tinglovchilari va professor-o‘qituvchilari bilan ham uchrashdi. Muloqotda kibermakonda yuzaga kelayotgan zamonaviy tahdid va xatarlar, axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir ishtirokchilari assotsiatsiyaning maqsad va vazifalari, faoliyati to‘g‘risidagi taqdimot bilan tanishdilar.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech