Farzand tarbiyasida oila, ayniqsa ota-onalarning alohida o‘rni bor. Tahlillarga qarasak, aksariyat voyaga yetmaganlar aynan oiladagi nosog‘lom muhit tufayli jinoyatga qo‘l urmoqda.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i, general-mayor Bekmurod Abdullayev hamda voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar ishtirokida o‘tkazilgan tadbir shu mavzuga bag‘ishlandi.
IIV akademiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilinayotgan huquqbuzarliklar, ularning asl omillari, oldini olish choralari, “oila – maktab – mahalla” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan profilaktik ishlar hamda yechimini kutayotgan ayrim masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Keyingi yillarda aholi bilan manzilli ishlash, mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida samarali tizim yo‘lga qo‘yilgani, biroq yosh avlodni jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishidan asrash dolzarb vazifalardan biri ekanligi ta’kidlandi.
Vazir o‘rinbosari voyaga yetmaganlar jinoyatchiligiga asosan oilalardagi nosog‘lom muhit sabab va sharoit yaratayotgani, bu boradagi profilaktik ishlarga ota-onalarni kengroq qamrab olish zarurligini qayd etdi.
– Afsuski, ayrim ota-onalar farzandi oldidagi mas’uliyatini to‘kis bajarmaydi. Bolasining huquqbuzarlik sodir qilganini bilgani holda buning huquqiy oqibatini anglamaydi. Shu bois aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, profilaktik ishlar ta’sirchanligini oshirish, oilalarni sog‘lomlashtirishga alohida e’tibor qaratishimiz kerak. Farzand tarbiyasidagi kichik nuqson kuni kelib katta muammoga aylanishi va jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, – dedi vazir o‘rinbosari.
Muloqot chog‘ida inspektor-psixologlar ham so‘zga chiqib, xizmat faoliyatlariga doir masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati