Yoshlar kuni munosabati bilan poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 248-sonli umumta’lim maktabida huquqiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Yoshlar ittifoqining IIV akademiyasidagi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan tashkil qilingan tadbirda maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari, shuningdek “Shukur Burxonov”, “Sho‘rtepa” mahallalarida istiqomat qilayotgan yoshlar qatnashdi. Uchrashuvda o‘smir-yoshlar orasida uchrayotgan zararli odatlar – giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan muomala qilish, kibermakonda huquqbuzarlik sodir etish masalalari haqida so‘z bordi.
So‘zga chiqqanlar yosh avlodni ushbu illatlardan asrash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlarga to‘xtalib, internet olamining salbiy jihatlaridan ogohlantirdilar. Maktab yoshidagi aksariyat o‘g‘il-qizlar internet ta’siri ostida jinoyat ko‘chasiga kirib qolayotgani, oxir-oqibat o‘z kelajagini barbod qilayotgani aytib o‘tildi.
Tadbir davomida o‘quvchilarga huquqiy maslahatlar berildi. Ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etganlik uchun belgilangan javobgarlik masalalari tushuntirilib, giyohvandik vositalari va psixotrop moddalarning inson salomatligiga ta’siri, har qanday huquqbuzarlikning ijtimoiy-huquqiy oqibatlari hayotiy misollar orqali yetkazildi.
Yoshlar o‘rtasida jinoyachilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha maktab, ota-onalar va mahalla hamkorligida profilaktik ishlarni kuchaytirish, o‘quvchilarni sog‘lom hayot tarziga o‘rgatish zarurligi ta’kidlandi. Uchrashuv so‘nggida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati