Zamonaviy yoshlar nafaqat bilim salohiyatli, balki siyosiy jihatdan yetuk va faol bo‘lishi kerak. Joriy o‘quv yilidan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ta’limning ilg‘or yondashuvlari, jumladan, siyosiy bilimlar soati joriy qilindi.
Kunduzgi ta’lim bakalavriati kursantlarining mustaqil tayyorgarlik vaqtida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda Prezident farmon, qaror va farmoyishlarining mazmun-mohiyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, huquqiy yangiliklar, qonunchilikdagi o‘zgarishlar, shuningdek jahonda yuz berayotgan global voqea-hodisalar haqida tushunchalar yetkazilmoqda.
– Mamlakatimiz va dunyo hayotida kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar davr talabiga mos bilim olishimizni taqozo etmoqda, – deydi Ichki ishlar vaziri stipendiyasi sohibi, 3-bosqich kursanti Doston Hidoyatov. – Shu nuqtai nazardan siyosiy bilimlar soati juda zarur. Mashg‘ulotlar yoshlarning umumiy dunyoqarashi, siyosiy ongi va huquqiy savodxonligini oshirish, kasbiga bo‘lgan havas va qiziqishini orttirish orqali faol fuqarolik pozitsiyasi shakllantirishga xizmat qilmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati