Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Saylovga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda

20 Oktyabr 2021, 05:10

1078

24-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. E’tiborlisi, bu yilgi saylov yangi O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining sifat jihatdan yangi bosqichiga qadam qo‘ygan sharoitda o‘tkazilmoqda. 

Muhim siyosiy tadbirga Ichki ishlar vazirligi akademiyasidagi 100-saylov uchastkasida ham qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. O‘tgan davr mobaynida barcha jarayonlarni ochiq, oshkora, milliy saylov qonunchiligi asosida tashkil etish maqsadida keng ko‘lamli ishlar bajarildi. Jumladan, xonalar Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlari, tashviqot materiallari, zarur vositalar, kompyuter jihozlari bilan ta’minlanib, saylovchilarning ovoz berishi uchun barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratildi. 

Uchastka saylov komissiyasi kotibi Siyovush Xo‘jaqulovning aytishicha, Prezident saylovi ilk bor O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi asosida bo‘lib o‘tadi. Ushbu kodeks ilgari amalda bo‘lgan saylovga oid beshta qonun va o‘nlab qonunosti hujjatlarini o‘zida mujassam etgan. Saylovga tayyorgarlik ko‘rishdagi eng muhim vazifa – bu fuqarolarning siyosiy bilim va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, saylovchilarning o‘z huquqini amalga oshirishdagi faolligini oshirishdir. 

Bu borada uchastka saylov komissiyalari a’zolarining huquqiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida uchastka saylov komissiyalari ishini tashkil etish, uchastka saylov komissiyasining vakolatlari, saylovchilarning ro‘yxati hamda uni tuzish tartibi kabi masalalarga bag‘ishlangan uslubiy seminar va davra suhbatlari o‘tkazildi. Saylovni tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha seminar-treninglarda jami 130 ming nafarga yaqin saylov komissiyalari a’zolarining bilim va ko‘nikmalari mustahkamlandi.

Saylov ishtirokchilari uchun uslubiy qo‘llanma va eslatmalar, jumladan, o‘zbek va rus tillarida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi: savol va javob” qo‘llanmasi tayyorlanib, saylovchilarning siyosiy bilim va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan uchrashuv, anjuman va targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, Akademiya nashri — “Akademiya yoshlari” gazetasi sahifalarida maxsus ruknlar ostida turkum maqolalar e’lon qilinib, shaxsiy tarkibning saylovga doir bilim hamda salohiyatlari muntazam yuksaltirib borilmoqda. 

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech