Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Rahbarlikning zamonaviy yondashuvlari

17 Aprel 2026, 19:31

45

Ichki ishlar organlari tizimidagi keng qamrovli islohotlar jarayonida boshqaruv samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

IIV akademiyasida tashkil qilingan o‘quv yig‘ini ham hududlardagi rahbar kadrlarning kasbiy kompetentligini rivojlantirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘quv yig‘ini doirasida akademiya rahbari Rustam Xatamov Jamoat tartibini saqlash va Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalari boshliqlari uchun mashg‘ulot o‘tdi.

Muloqot tarzida o‘tgan mashg‘ulotda muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati, mamlakatimizni isloh qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, keyingi yillarda ichki ishlar organlarida amalga oshirilgan izchil islohotlar, jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha amaliyotga tatbiq qilinayotgan samarali yondashuvlar, ichki ishlar organlari tizimi xalqchilligini oshirishda boshqaruv kadrlarining o‘rni, bugungi kun rahbarlariga qo‘yilayotgan dolzarb talablar haqida so‘z bordi.

Akademiya boshlig‘i soha faoliyatini takomillashtirish yo‘lidagi islohotlarning amaliy natijasi va samaradorligi barcha bo‘g‘indagi rahbarlarga bog‘liq ekanligini alohida ta’kidladi. Har bir rahbar yuqori kasbiy salohiyat, boshqaruv qobiliyati va shaxsiy fazilatlarga ega bo‘lishi, yuksak mas’uliyat va javobgarlik hissi bilan ishlashi lozimligini qayd etdi.

Muloqot davomida boshqaruvning zamonaviy tamoyillari, rahbarlik kompetensiyalari, jamoa bilan samarali ishlash usullari, kadrlarni tanlash va lavozimga tayinlash masalalari, joylarda quyi bo‘g‘indagi ayrim rahbarlar faoliyatida kuzatilayotgan muammolar va ularning yechimlari atroflicha tahlil qilindi.

Shuningdek akademiya boshlig‘i mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlarga ham to‘xtaldi. Aholi bilan manzilli ishlash, jinoyatchilikni jilovlash, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishda “mahalla yettiligi” tizimi bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yaxlit tizim asosida ishlashning samarali yo‘llari bo‘yicha rahbarlarga amaliy tavsiyalar berdi.

Doimiy izlanish, yangilikka intilish, jamoaga shaxsiy namuna bo‘lish, muammolarni omilkorlik bilan hal etish, strategik qarorlar qabul qilish, maqsad va vazifalarga natijadorlik bilan erishish zamonaviy rahbarlarning muhim fazilatlari ekanligi aytib o‘tildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech