Jizzaxda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzuida o‘quv kurslari tashkil qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tashabbusi o‘tkazib kelinayotgan bu galgi mashg‘ulotlarga ham ichki ishlar, prokuratura hamda sud organlari vakillari jalb qilindi.
Ikki kun davomida tinglovchilar inson huquqlariga oid hujjatlarning mazmun-mohiyati, qiynoqqa solish holatlarining oldini olish, bu turdagi jinoyatlar uchun javobgarlik masalalari, sohaga doir xalqaro va milliy standartlar, xususan, Nelson Mandela qoidalari, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari, aybsizlik prezumpsiyasi hamda boshqa dolzarb yo‘nalishlarda malaka oshirdilar.
Mashg‘ulotlar Inson huquqlari milliy markazi, Oliy sud, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Malaka oshirish instituti, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti vakillari tomonidan o‘tkazildi.
O‘quv kursi yakunida tinglovchilardan test sinovi qabul qilinib, ularga sertifikatlar topshirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati