Poytaxtimizdagi IIV Akademiyasi otaliqqa olgan 121-sonli o‘rta umumta’lim maktabida “Muqaddasdir, Vatan bayrog‘i!” shiori ostida sport musobaqasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining o‘ttiz yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda o‘quvchi yoshlar sportning arqon tortish, estafetali yugurish va minifutbol turlaridan bellashdilar.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan musobaqa yakunida sovrindorlar diplom hamda sovg‘alar bilan taqdirlandi.
***
Akademiyaning Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi tomonidan uyushtirilgan davra suhbati o‘quvchilarning vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi.
Poytaxtimizdagi 121-sonli o‘rta umumta’lim maktabi mezbonlik qilgan tadbirda kafedra professor-o‘qituvchilari davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan kunning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati haqida tushunchalar berdilar.
O‘zbekiston bayrog‘ining qabul qilinishi jarayoni, davlat ramzlariga munosabat borasida qonunchilikda nazarda tutilgan normalar, shuningdek davlat bayrog‘i tasviri tushirilgan belgilardan foydalanish tartibi yuzasidan bildirilgan mulohalar yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qildi.
***
Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti dotsenti Dilafro‘z To‘rayeva Akademiyaning kunduzgi ta’lim bakalavriati birinchi bosqichida ta’lim olayotgan kursant qizlar bilan muloqot qildi.
Malakali psixolog-mutaxassis ma’naviy qadriyatlarning shaxs psixologik holatiga ta’sirini tushuntirib o‘tdi. Suhbat davomida kasbiy fazilatlarni shakllantiruvchi psixologik mashqlar ham o‘tkazildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati