IIV akademiyasida mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi, Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi vakillari, Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati kafedrasi professor-o‘qituvchilari va kursantlar qatnashdi.
So‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 3-yanvarda qabul qilingan “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga to‘xtalib o‘tishdi.
Hududlarning kriminogen vaziyatini o‘rganish, jinoyat o‘choqlarini aniqlash va bartaraf etish, aholi bilan manzilli ishlashga qaratilgan samarali tizim yaratilgani, o‘tgan davr mobaynida jinoyat sodir etilgan mahallalarda tizimli ishlar amalga oshirilgani, “yo‘l xarita”larida belgilab olingan chora-tadbirlar natijasida huquqbuzarliklar barvaqt oldi olinayotgani qayd etildi.
Davra suhbatida mazkur faoliyat samaradorligini oshirish borasida yechimini kutayotgan ayrim masalalar, kelgusidagi muhim vazifalar yuzasidan ham fikr almashildi. Ta’lim muassasasini bitirish arafasida turgan kursantlarga amaliy tavsiyalar berildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati