Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

PROFESSIONАL KАDRLАR TАYYORLАSHDА YANGICHА TIZIM VА YONDАSHUVLАR

04 Sentyabr 2021, 03:09

941

Kuni kecha davlatimiz rahbari yoshlar kamoloti haqida to‘xtalib, “agar biz taʼlimni o‘zgartirsak, taʼlim insonni o‘zgartiradi. 

Inson o‘zgarsa – butun jamiyatimiz o‘zgaradi”, deya alohida taʼkidladilar. Chindan ham, hozirgi globallashuv sharoitida yuqori bilim va malakaga ega, raqobatbardosh kadrlarga barcha sohalar singari ichki ishlar tizimida ham ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
IIV Аkademiyasida yangi o‘quv yili munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir soha uchun professional kadrlar tayyorlash istiqbollari, bu boradagi muhim va ustuvor vazifalarga bag‘ishlandi. Unda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Аziz Ikromov ishtirok etdi.
Sir emaski, so‘nggi yillarda kelajagimiz vorislarining munosib bilim olishi, o‘z orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilib, yoshlar bilan ishlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va muammolarini hal etishning samarali mexanizmlari hayotga tatbiq etildi. Buning ezgu ishlar samarasi o‘laroq, yoshlarimiz zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallab, jamiyat hayotidan mustahkam o‘rin olishmoqda.

– Ichki ishlar organlarining faoliyat samardorligi kadrlar salohiyati, kasbiy va maʼnaviy-axloqiy fazilatlariga bog‘liq, – dedi А.Ikromov. – O‘tgan yillar mobaynida soha uchun mutaxassislar tayyorlash jarayoni takomillashtirilib, joylarda vazirlik akademik litseylari, ixtisoslashtirilgan maktab-internati hamda “Temurbeklar maktabi” Nukus harbiy-akademik litseyi tashkil etildi. Аkademiyaning kunduzgi taʼlimiga mazkur o‘quv maskanlari bitiruvchilari, shuningdek ichki ishlar organlari xodimlari hamda profilaktika inspektorlarining yordamchilari qabul qilinmoqda. Bu ham taʼlim samaradorligini yanada oshirishga imkon bermoqda. Biroq mazkur sohada hali qilinadigan bir qator vazifalar mavjud va bu islohotlar surʼatini shiddat bilan davom ettirishni talab etmoqda.

Taʼkidlab o‘tilganidek, davlatimiz rahbarining “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy o‘quv yilidan boshlab Аkademiyada ikki bosqichli oliy taʼlim yo‘lga qoʼyildi. Yangi tizimga ko‘ra, endilikda kadrlar tayyorlash ikki – bakalavriat va magistratura yo‘nalishida amalga oshiriladi.

Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori ijrosini taʼminlash maqsadida IIV Аkademiya tomonidan qator takliflar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi. Jumladan, o‘quv jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini mustahkamlash maqsadida vazirlik huzuridagi sohaviy xizmatlarning ixtisoslashtirilgan kafedralarga amaliy va metodik yordam ko‘rsatib borishi yo‘lga qo‘yildi. Mutaxassislik kafedralari professor-o‘qituvchilari va kursantlaridan iborat o‘quv tergov-tezkor guruhlari Toshkent shahrida sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa joyiga chiqqan holda amaliy ko‘nikmalarini shakllantirib boradilar. Bundan tashqari, kursantlarning bazaviy amaliyoti poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod va Yashnobod tumanlari bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari, ichki ishlar bo‘limlari, ularning tarkibidagi sohaviy xizmatlar hamda mahalla huquq-tartibot maskanlarida tashkil etiladi.

Hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari tomonidan har oyda kamida bir marotaba Аkademiya bakalavriatining tegishli hududdan jamlangan kursantlari, magistratura tinglovchilari va ixtisoslashtirilgan kafedralar professor-o‘qituvchilari bilan hududning kriminogen vaziyati hamda o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etishning dolzarb masalalari bo‘yicha onlayn master-klass mashg‘ulotlari o‘tkazib boriladi. Shuningdek, vazir o‘rinbosarlari hamda sohaviy xizmatlar rahbarlari har oyda kamida bir marotaba magistratura tinglovchilari bilan olib borilayotgan o‘quv mashg‘ulotlarida bevosita ishtirok etib, taʼlim mazmunining amaliyot bilan uzviyligini taʼminlashga hissa qo‘shadilar.

– Bugun Yangi O‘zbekistonda yana bir muhim Uyg‘onish jarayoni kechmoqda, – dedi Аkademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov. – Davrning keskin talablaridan orqada qolmaslik uchun professor-o‘qituvchilarimiz “taʼlim jarayonining lokomotiv”lari sifatida o‘quv-tarbiya jarayonini mutlaqo yangicha yondashuv asosida olib borishlari zarur. Kursant yoshlarimizning bilimi, jangovar-jismoniy tayyorgarligi, dunyoqarashi, maʼnaviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik, g‘urur, iftixor, kasbiga nisbatan sadoqat va yuqori masʼuliyat hislarini oshirish eng ustuvor vazifamizga aylanmog‘i lozim.

Tadbirda Iqtidorli kursantlar kengashining faol aʼzolari ham so‘zga chiqib, o‘z tengdoshlarini yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, faqat va faqat bilim cho‘qqilarini egallashga daʼvat etdilar.

 

IIV Аkademiyasining Аxborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech