Bugun, 24-oktyabr kuni mamlakatimiz tarixidagi muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tmoqda.
Erta tongdan poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 100-saylov uchastkasida ham ushbu tadbir ko‘tarinki ruhda boshlandi. Ona Vatanimiz taqdiri va o‘z kelajagiga befarq bo‘lmagan IIV Akademiyasi kursantlari saylovda munosib ishtirok etishga kirishdilar.
– Bugun men baxtiyor yoshlar safidaman. Chunki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ilk bor ishtirok etishim. Kelajak maqsadlarim va g‘oyalarimning ro‘yobi uchun munosib nomzodga ovoz berdim, – deydi kunduzgi ta’lim bakalavriat 2-bosqich kursanti Madina Rustamova.
Darhaqiqat, saylov – bu Asosiy qonunimizda aks etgan huquqlarimiz, siyosiy xohish-istagimizni amalda namoyon etuvchi jarayondir. O‘z fuqarolik pozitsiyasiga ega, yurt tadiriga daxldorlik hissi bilan yashayotgan har bir inson unda faol ishtirok etishi lozim.
– Mamlakatimiz kelajagini belgilashdek muhim pallada o‘z ovozim bilan qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan xursandman, – deydi kunduzgi ta’lim bakalavriat 1-bosqich kursanti Rahmanjan Bayniyazov. – Prezidentlik saylovida yoshlarning faol ishtiroki yurtimizda kechayotgan keng qamrovli islohotlarning ezgu samarasidir.
Saylov uchastkasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, soat 12:00gacha saylovchilar ro‘yxatiga kiritilganlardan 800 nafar saylovchi ovoz berib bo‘ldi. Saylov jarayoni davom etmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati