Ekstremizm, radikalizm, terrorizm, odam savdosi xavfi hozirgi zamonning eng dolzarb muammolari sanaladi. Bunday xatarlar har birimizdan, avvalo, ogoh bo‘lishni talab qiladi.
IIV akademiyasida soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar va kursantlar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbati ayni shu masalaga bag‘ishlandi.
Tadbirda IIV Tezkor qidiruv departamenti boshlig‘i o‘rinbosari, Terrorizmga qarshi kurashish xizmati boshlig‘i Mirjamol Miralimov so‘z olib, zamonaviy xavf-xatarlarning mintaqaviy barqarorlikka ta’siri xususida to‘xtalib o‘tdi.
Hozirgi murakab sharoitda axborot xurujlari avj olayotgani, internet makoni turli g‘oya va mafkuralar uchun targ‘ibot maydoniga aylangani, aholi, ayniqsa yoshlarning ma’naviy immunitetini kuchaytirish, terrorizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashish dolzarb vazifa ekanligi ta’kidlandi.
Davra suhbatida terrorizm va ekstremizmni oziqlantiruvchi omillar, buzg‘unchi kuchlar tomonidan qo‘llanilayotgan zamonaviy usullar, ularga qarshi kurashish yo‘llari, radikal g‘oyalar tarqalishining oldini olishda targ‘ibot tadbirlarining ahamiyati haqida mulohazalar bildirildi.
So‘zga chiqqanlar mazkur faoliyatga doir muhim vazifa va chora-tadbirlarga to‘xtalib, ta’lim muassasasini tamomlayotgan yosh kadrlarga amaliy tavsiyalar berdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati