Ichki ishlar vazirligi akademiyada o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” yoshlar uchun foydali tavsiyalarga boy bo‘ldi.
Kelajakda ushbu dargohda o‘qish va sharafli kasbni egallash maqsadida kelgan IIV 1-sonli akademik litseyi o‘quvchilari dastlab axborot-resurs markazi faoliyati bilan tanishdilar. Maskanning ulkan imkoniyatlari, bu yerda jamlangan kitoblar fondi, kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, ayniqsa “Buyuk sohibqiron Amir Temur” va “Turon qoploni Jaloliddin Manguberdi” xonalari o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Saf maydonidagi ko‘rgazma chog‘ida yoshlarga ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnik vositalar hamda jangovar qurollar haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng ma’naviyat va ma’rifat markazida bevosita muloqot tashkil qilindi. Akademik litsey rahbariyati, bir guruh professor-o‘qituvchilar va kursantlar ishtirok etgan uchrashuvda akademiyaga o‘qishga kirish tartibi, imtihonlar va ixtisoslik yo‘nalishlari xususiyatlari, tizim uchun malakali kadrlar tayyorlash maqsadida ta’lim jarayoniga joriy qilingan ilg‘or yondashuvlar haqida so‘z bordi. Ayniqsa faol va tashabbuskor kursantlar o‘quvchilarga katta motivatsiya ulashdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati