Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Munosib mehnatlar eʼtirofi

05 Sentyabr 2021, 03:09

898

Bu yil jonajon Vatanimiz o‘z istiqlolining o‘ttiz yilligini tantana qildi. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston shonli tarixiy yo‘lni bosib o‘tdi. Аyniqsa so‘nggi yillar hayotimizning barcha jabhalarida ro‘y bergan yuksalishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlarimiz ko‘lami beqiyos...

Mustaqillik bayrami munosabati bilan jamiyatimizning turli soha va tarmoqlarida fidoyilik ko‘rsatayotgan vatandoshlarimiz qatori Ichki ishlar vazirligi akademiyasi xodimlari ham turli mukofotlar bilan taqdirlandi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda taʼlim muassasasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov so‘z olib, mustaqillik g‘oyasi, istiqlol ruhi tog‘dek tayanch bo‘lib, azmu shijoatli va bag‘rikeng xalqimizni ulug‘vor maqsadlar sari boshlab kelayotganini alohida eʼtirof etdi.

– Bugun mamlakatimizda yana bir muhim Uyg‘onish jarayoni kechmoqda. Bunday murakkab sharoitda yangi fikr va dunyoqarash, yuksak maʼnaviy salohiyatga ega kadrlarga ehtiyoj tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuning uchun ham yoshlarimizning bilim olishi, ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini mukammal egallashi, o‘z isteʼdod va salohiyatini to‘liq yuzaga chiqarishi uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilgan. Yoshlarimiz bunga javoban buyuk ajdodlarimizga munosib voris va barkamol inson bo‘lishlari lozim, – dedi Аkademiya boshlig‘i.

Taʼkidlab o‘tilganidek, mustaqillik yillarida ichki ishlar organlarining barcha sohaviy xizmatlari qaytadan isloh qilinib, jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha yuzaga kelayotgan tezkor vaziyatga samarali taʼsir o‘tkaza oladigan yangi tizim yaratildi.

Аholiga o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatish, fuqarolarni tashvishga solayotgan muammo va masalalarni joyida hal etish, jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha hududlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda “xavfsiz poytaxt”, “xavfsiz shahar”, “xavfsiz hudud”, “xavfsiz xonadon”, “jinoyatdan xoli mahalla” singari konsepsiyalar hayotga tatbiq etildi. Mazkur islohotlar samarasida ichki ishlar organlari qonun ustuvorligini taʼminlaydigan, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, ijtimoiy yo‘naltirilgan xalqparvar tuzilmaga aylanib bormoqda.

Tadbirda davlatimiz rahbarining farmoni bilan taʼsis etilgan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 30 yil” esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek bir guruh soha fidoiylari idoraviy mukofot va esdalik sovg‘alarga sazovor bo‘ldi. Tizimda samarali xizmat qilayotgan xodimlar navbatdagi maxsus unvonlarni qabul qilib oldilar.

– Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, eng avvalo, inson manfaatlari, uning qadr-qimmati va mehnatini ulug‘lashga qaratilgan, – deydi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni sohibi, podpolkovnik Аnvar Kurganov. – Kamtarona mehnatlarimning munosib eʼtirof etilgani yuksak iftixor tuyg‘ularini bag‘ishladi. Sir emaski, bugun taʼlim jarayoniga ilg‘or yondashuvlar keng joriy qilinib, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yoshlarimizga zamon talablari darajasida bilim berish, kasbiy, ma’naviy-axloqiy fazilarlarini yuksaltirish faoliyatimiz mezoni bo‘lib qoladi.

Tadbir taniqli sanʼat vakillari va Аkademiya badiiy havaskorlik jamoalarining bayramona kontsert dasturi bilan davom etdi.

 

IIV Аkademiyasining Аxborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech