Jamiyat farovonligi ayollarning hayotdan rozi bo‘lib, baxtli yashashiga bog‘liq. Shu bois, mamlakatimizda xotin-qizlar muammosini o‘rganish va hal etishning samarali tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Beshkapa” mahalla fuqarolar yig‘inida hududda istiqomat qilayotgan xotin-qizlar uchun sayyor qabul tashkil qilindi.
Oila va xotin-qizlar bo‘limi mutasaddilari, mahalla faollari, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari ishtirokida o‘tgan uchrashuvda ularning ijtimoiy-maishiy muammolari, qiziqish va imkoniyatlari o‘rganildi.
Murojaatlar davomida xotin-qizlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularning bandligini ta’minlash, oilalaridagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, nizolarni bartaraf etish, mahallada ajrimlarning oldini olish, ayollar jinoyatchiligiga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Bundan tashqari, uyma-uy yurib, har bir xonadondagi muhitni o‘rganish, xotin-qizlar bilan manzilli ishlashni kuchaytirish, ularning hayotiy muammolarini o‘z vaqtida hal qilish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish orqali huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish choralari ko‘rish zarurligi aytib o‘tildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati