Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Milliy yuksalishga chorlovchi kuch

19 Oktyabr 2021, 05:10

819

Ona tili – milliy o‘zligimiz timsoli. Til – millat va Vatan tushunchalari kabi muqaddas sanaladi. Zero, ona tilisiz jamiyat taraqqiyotga erisholmaydi. Yurtimizda O‘zbek tili bayrami kunining alohida sana sifatida nishonlanayotgani ana shu yo‘ldagi muhim qadamlardan biridir.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Davlat tili va ma’naviyat – jamiyatning ikki ustuni” mavzuida bo‘lib o‘tgan tadbirda ona tilimizning barhayot kuch-qudrati ulug‘landi. Ma’naviy-ma’rifiy kechaga Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Ichki ishlar vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasidan vakillar, taniqli olim va adabiyotshunoslar bilan bir qatorda, Akademiya kursantlari, IIVga qarashli akademik litseylar hamda ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilari taklif etildi.

– Har bir millat o‘z ona tili bilan tirikdir. Tarixdan bilamizki, g‘oyat murakkab sharoitda – 1989 yilning 21 oktyabrida “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan edi. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng ona tilimiz tom ma’nodagi davlat tiliga aylanib, xalqimizni buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi. Ayniqsa so‘nggi besh yilda ona tilimizni rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi maqomi va mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda, – dedi ta’lim maskani rahbari, polkovnik Rustam Xatamov.

Tilshunos olimlarning e’tirof etishicha, O‘zbek tili bayrami xalqimiz ma’naviy hayotidan tobora mustahkam o‘rin egallab bormoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘zbek tilini o‘rganishga katta qiziqish va istak bildirayotganlari ahamiyatga molik. Ayniqsa, xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tilini o‘rganishga ishtiyoq tobora kuchaymoqda. Bugun AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya va shu kabi bir qator davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o‘zbek tili o‘rgatiladi. Jahonda 50 milliondan oshiq kishining o‘zbek tilida so‘zlashishi asrlar qa’ridan o‘tib kelayotgan ona tilimizning nufuzidan yorqin nishona beradi.

– Muhtaram Prezidentimiz “Yangi O‘zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz”, deya bejiz ta’kidlamadilar. Chunki o‘zligini tanigan har bir millat ona tili va adabiyotini asrab-avaylaydi, uning rivoji yo‘lida bor kuch-salohiyatini safarbar etadi. Bugun ichki ishlar organlarida ham davlat tilining nufuzi va mavqeini oshirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish va qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashga xizmat qilmoqda, – dedi Ichki ishlar vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, podpolkovnik Xurshidbek Ro‘ziyev.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri Abdug‘affor Qirg‘izboyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, shoira Muhtarama Ulug‘ova, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Asror Mo‘min va boshqalar so‘z olib, mustaqil davlatchiligimiz timsoli bo‘lgan bebaho ma’naviy boyligimizni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish, ona tilimizning mavqeini yanada oshirish, bu borada o‘zbek tilshunosligida erishilayotgan yutuqlar va istiqboldagi muhim vazifalar haqida to‘xtalib o‘tishdi. Akademiya iqtidorli kursantlar kengashi faollari tomonidan ona tilimizni madh etuvchi she’riy parchalar yod aytildi.

– Tilni qadrlash ona Vatanni e’zozlash bilan barobar, – deydi IIV Akademiyasi kunduzgi ta’lim bakalavriatining 3-bosqich kursanti Muhammadyusuf Sayfullayev. – Yurtimizda davlat tiliga e’tibor bugun har qachongidan ham yuqori. O‘quv muassasamizda “Cho‘lpon izdoshlari”, “Kitobxonlik”, “Yosh jurnalistlar”, “Mahoratli suxandonlar” singari to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, kursantlarning o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘rganishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Badiiy ijodga qiziquvchan yoshlar o‘z mahoratlarini oshirib kelishmoqda. Biz yoshlar o‘zbek tilini rivojlantirishga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shishimiz kerak. 

 Tadbirda Akademiya otaliqqa olgan 121-sonli o‘rta umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Tilga e’tibor – elga e’tibor” insholar tanlovi sovrindorlariga kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi. Shu kuni O‘zbekiston Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida “Media Illusion” studiyasi va IIV Akademiyasi hamkorligida suratga olingan “Cho‘lpon. Qush esdaligi” hujjatli filmining namoyishi ham bo‘lib o‘tdi. Respublikamizning yetakchi nashriyot uylari tomonidan tashkil etilgan kitob yarmarkasi yoshlarning kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati.

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech