Poytaxtimizdagi Millat fidoyilari xiyobonida yoshlarning vatanparvarlik ruhini yuksaltirishga qaratilgan tadbir o‘tkazildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda tashkil qilingan tadbirda ichki ishlar organlari faxriylari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari va kursantlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar muhtaram Prezidentimizning ezgu g‘oya va tashabbusi asosida barpo etilgan majmuaning bugungi kundagi ahamiyati, xiyobonda nomlari bitilgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining umr yo‘li haqida gapirib berdilar.
Mustaqillik yillari yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida halok bo‘lgan o‘g‘lonlarimizni yod etish, ularning ulkan jasorati va qahramonligini ulug‘lash ma’naviy burch ekanligi ta’kidlandi.
– Yoshlarimiz millat fidoyilarining mardligi va matonati haqida bilishi, ona Vatanimizga yuksak daxldorlik hissi bilan yashashi kerak. Shundagina bugungi ozod va obod, tinch-osuda hayotimizning qadrini teranroq his qiladilar, – dedi akademiyaning Tezkor-qidiruv faoliyati kafedrasi katta o‘qituvchisi, iste’fodagi general-mayor Mirsamad Adilov.
Tadbir davomida kursantlar tomonidan Vatan, tinchlik, ezgulik haqida she’rlar aytildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati