Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Mehrdan ko‘ngillar obod...

02 Sentyabr 2021, 03:09

961

Mustaqilligimizning o‘ttiz yilligi munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab xalqimizga xos xayrli amallar ham keng quloch yoymoqda.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi rahbariyati tashabbusi bilan bir guruh soha faxriylari holidan xabar olindi. “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbir tizimda uzoq yillar samarali mehnat qilib, bugun keksalik gashtini surayotgan fidoiylariga chinakam bayramona kayfiyat baxsh etdi.

Ilk manzil marhum general-mayor Tojiddin Jalilov xonadoni bo‘ldi. Qadrdon shogirdlar Gulsara ayani mustaqillik ayyomi bilan muborakbod etib, umr yo‘ldoshi Tojiddin Аzimovichning ichki ishlar organlaridagi mashaqqatli xizmat faoliyati, ayniqsa taʼlim dargohida rahbarlik qilgan yillarini xotirlashdi. Xonadon sohibasiga bayram tuhfalari topshirildi.

– Yurtimizda inson qadri hamisha ulug‘lanadi, – deydi isteʼfodagi general-mayor Jo‘ra Fozilov. – Bir necha yillardan buyon nafaqalik gashtini surayapman. Shogirdlarimning eʼtibor va g‘amxoʼrligi ko‘nglimni tog‘dek yuksaltiradi. Kuni kecha mustaqilligimizning o‘ttiz yillik to‘yini katta quvonch bilan qarshi oldik. Bu yilgi bayramning shukuhi o‘zgacha. Mamlakatimizda kechayotgan ulkan yangilanishlar biz keksa avlod vakillari uchun shukronalik hissini baxsh etmoqda.

Darhaqiqat, istiqlolimiz shodiyonalari bugun har bir mahalla, qishloq va xonadonda keng nishonlanmoqda. Nuroniy otaxonu onaxonlar, bemor va yolg‘izlarga mehr ulashish singari savobli tadbirlar yurtimizda inson va uning manfaatlari har narsadan ustunligini amalda namoyon etmoqda.

Tadbir davomida isteʼfodagi xodimlar Habibullo Hojimatov, Erkin Orifjonov, Maʼmura Po‘latova, Mafura Inogomovalarga bayram sovg‘alari ulashildi. Marhumlarning oila aʼzolari holidan xabar olindi.

IIV Akademiyasining Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech