Ichki ishlar vazirligi akademiyasi magistrlari uchun poytaxtimizdagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazida amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.
Aytish joizki, ushbu markaz davlatimiz rahbarining 2021-yil 19-maydagi “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan edi. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki bunga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish markazning asosiy vazifalari sanaladi.
Tadbir davomida markaz tomonidan amalga oshirilayotgan reabilitatsiya va moslashtirish tadbirlari, tazyiq va zo‘ravonlik jabrlanuvchilari hamda ko‘makka muhtoj xotin-qizlar bilan olib borilayotgan profilaktik ishlar, “ishonch telefoni” xizmatlari haqida ma’lumot berildi.
IIV akademiyasi axborot xizmati