Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Mahallalardagi “jinoyat o‘choq”lariga barham berilmoqda

11 Fevral 2026, 21:30

67

Davlatimiz rahbarining mahallalarda xavfsiz muhit yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash borasidagi qarori hududlarga izchil tatbiq qilinmoqda.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari shu kunlarda Nukus shahrida bo‘lib turibdi. Ta’lim muassasasiga bu yerdagi “Shimbay chayxana”, “Xaliqlar doslig‘i”, “Tung‘ish qonis”, “Turan” mahallalari biriktirilgan.

Aytish joizki, o‘rganishlar jarayonida bir jihatga – jinoyatchilik omillarini ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilish va har bir mahallaning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda hudud tajribalarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu ishlar biriktirilgan mas’ul rahbarlar va mahallalardagi “yettilik” tizimi xodimlari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.

– Manzilli o‘rganishlar natijasida muntazam jinoyatlar qayd etiladigan 10 ta hududni tahlil qildik. Ularning har biri bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqib, choraklik “yo‘l xarita”larga kirikdik, – deydi ishchi guruh rahbari, podpolkovnik Alisher Murodov.

Aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor maqsadi. Ishchi guruh vakillari tomonidan mahallalardagi 800 dan ortiq xonadonga borilib, fuqarolarning muammolari o‘rganildi. Huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli mavjud 89 nafar shaxs “mahalla yettiligi” xodimlariga nomma-nom biriktirildi.

Bundan tashqari, aholi uchun xavfsiz muhit yaratish maqsadida hududlarga 12 ta zamonaviy kamera, 2 ta tashvish tugmasi o‘rnatilib, qo‘shimcha patrullik yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yildi. Mahallalar, korxona va tashkilotlarda profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, axborot texnologiyalari, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar muomalasi bilan bog‘liq hamda boshqa turdagi jinoyatlarning huquqiy oqibatlari va barvaqt oldini olish choralari, yosh avlodni bunday illatlardan asrash masalalari tushuntirildi.

O‘rganishlar Taxiatosh, Beruniy, Amudaryo, Kegayli, Qo‘ng‘irot va boshqa tumanlardagi mahallalarda ham davom ettirilmoqda.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech