IIV akademiyasida mahallalarda xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda “huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” va “tashkiliy-shtab faoliyati” yo‘nalishlarida ta’lim olayotgan kursantlar bilan birga, ixtisoslik kafedralari professor-o‘qituvchilari ham qatnashdi.
Davra suhbatida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshqarma boshlig‘i T. Altmishev, akademiya boshlig‘i yordamchisi I. Himmatov va boshqalar so‘z oldi.
Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, jinoyatchilikni jilovlash, kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rstayotgan omillarni aniqlash orqali huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshiriliyotgani, davlatimiz rahbarining joriy yil 3-yanvardagi qarori bilan amaliyotga yangicha yondashuvlar tatbiq qilingani tizim samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etgani ta’kidlandi.
Tadbirda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilining ustuvor yo‘nalishlari, ijtimoiy profilaktikani amalga oshirishda e’tibor qaratiladigan asosiy jihatlar, huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga joriy qilinayotgan raqamli platformalar va boshqa yangilanishlar xususida atroflicha so‘z yuritilib, bitiruvchi kursantlarga zarur tavsiyalar berildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati