Osoyishtalik – jamiyat farovonligining muhim omili. Shu bois, mahallalarni xavfsiz va obod hududga aylantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbarining joriy yil 5-yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarga yangicha sur’at bag‘ishladi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida IIV akademiyasining bir guruh professor-o‘qituvchilari Chirchiq shahridagi “Birlik”, “Nur”, “Mirzo G‘olib”, “Yoshlik” mahallalariga jalb qilingan.
Hozirda mas’ullar bilan birgalikda kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni o‘rganish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi muammolarini hal qilish orqali yurtdoshlarimiz uchun xavfsiz muhit yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, odamlar tashvishini o‘rganishda sayyor qabullar katta yordam beradi. Har bir murojaat zamirida qandaydir muammo borligi tayin. Uni o‘z vaqtida hal qilmaslik oxir-oqibat kriminogen vaziyatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, mahallalarni o‘rganish jarayonida aholi murojaatlariga tezkorlik bilan munosabat bildirilib, yechimini kutayotgan masalalar imkoni boricha hal qilinyapti.
Bundan tashqari, ishchi guruh vakillari aholi gavjum joylar, savdo majmualari, bozorlar, xonadon va ko‘p qavatli uylar, maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlari, ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarga chiqib, hududlarning texnik va jismoniy qo‘riqlovga olinganligini ham o‘rganishmoqda.
Natijada, “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida kriminogen omillarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, “yo‘l xatira”lar ijroga qaratilmoqda.
Prezidentimiz qarorida ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, oila-turmush doirasidagi hamda ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning barvaqt oldini olish, mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha manzilli profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Ayni yo‘nalishda “mahalla yettiligi” tizimi bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilikni keskin kamaytirishga xizmat qiladi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati