Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Mahallalar jinoyatdan xoli bo‘lishi kerak

17 Sentyabr 2025, 02:09

30

Joriy yilda respublikamizdagi har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ustuvor vazifa etib belgilangan.

Bu borada davlatimiz rahbarining 2025-yil 18-avgustdagi PQ-253-son qarori tizim natijadorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi va kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda alohida yondashuv asosida manzilli ishlash mexanizmlari joriy qilindi. Akademiya boshlig‘i mazkur qaror ijrosini ta’minlash va hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi mahallalarda bo‘ldi.

“Obod” mahalla fuqarolar yig‘inida mas’ullar, “mahalla yettiligi” tizimi vakillari va akademiya professsor-o‘qituvchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda jinoyatchilikka sabab bo‘layotgan omillar tanqidiy ruhda muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va yechimini kutayotgan masalalar aytib o‘tilib, mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

“Joriy yil boshidan yangicha tizimda ishlashga o‘tildi. Hududlarga biriktirilgan rahbarlar, ayniqsa “mahalla yettiligi” vakillarining mas’uliyati oshirildi. Afsuski, ayrim mahallalarda bu boradagi ishlar hamon eskicha uslublarda tashkil etilmoqda. Mahallaning kriminogen vaziyati hammamizni tashvishga solishi kerak, shunda ko‘zlangan natijaga erishamiz”, – dedi akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov.

Yig‘ilishda mahalla hududida eng ko‘p sodir etilayotgan jinoyatlar, ularning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa jinoyat sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar bilan manzilli ishlash, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib aholi bandligini ta’minlash borasida aniq vazifalar belgilab olindi.

Shu kunning o‘zida “Mirzo Ulug‘bek” mahallasining ahvoli ham o‘rganildi. Hudud faollari bilan muloqot chog‘ida jinoyatchilikni jilovlash bilan bog‘liq muammolar, kriminogen omillarni aniqlash va ularga barham berish, mahallani “qizil” toifadan chiqarish masalalari xususida fikr almashildi.

Akademiya boshlig‘i so‘nggi besh yil mobaynida sodir etilgan jinoyatlarga e’tibor qaratib, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda yangicha ish uslublarini joriy etish zarurligini ta’kidladi. Mahallaga biriktirgan professor-o‘qituvchilarga “mahalla yettiligi” tizimi xodimlarining ish tajribasini oshirish, ularga metodik yordam ko‘rsatish, “yo‘l xarita”lar ijrosini sifatli ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi.

O‘rganishlar davomida joriy yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olinib, ijroga qaratildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech