IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov Chilonzor tumani mahallalarining kriminogen vaziyatini o‘rgandi.
Dastlab “Charx Kamolon - 2” mahallasida aholi uchun xavfsiz muhit yaratish, “jinoyat o‘choq”lariga barham berish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika ob’ektlari bilan manzilli ishlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Akademiyadan biriktirilgan ishchi guruh vakillari va “mahalla yettiligi” xodimlariga “yo‘l xarita” ijrosini sifatli ta’minlash, “xonadonbay”, “fuqarobay” tizimda har bir oiladagi muammolarini o‘rganish, mahallaning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etish vazifalari yuklandi.
Shu kuni mahalla hududiga chiqilib, mavjud holat ko‘zdan kechirildi. Mas’ullarga jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amaliy tavsiyalar berildi.
Shundan so‘ng akademiya boshlig‘i “Mehrjon” mahallasida xavfsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha amaliyotga tatbiq qilingan tizim bilan tanishdi. Mas’ullar, “mahalla yettiligi” va fuqarolar bilan muloqot qilib, ularning muammo hamda takliflarini tingladi.
O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘lishicha, bugunga qadar mahalla hududida 5 ta “jinoyat o‘chog‘i” aniqlangan. Aholi bilan olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida “xavf guruhi”dagi 10 nafar, ijtimoiy profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilishi lozim bo‘lgan 54 nafar shaxs ro‘yxatga olinib, “mahalla yettiligi”ga yo‘naltirilgan.
Kriminogen omillarni bartaraf etish maqsadida hududlarga 5 ta tashvish tugmasi, 30 dona turli xildagi zamonaviy kamera o‘rnatilib, 4 ta qo‘shimcha patrullik yo‘nalishi tashkil etilgan. Ijtimoiy profilaktika obyektlaridan 36 nafarining ishga joylashtirilishi ta’minlangan.
Akademiya boshlig‘i mahalla hududida o‘g‘irlik jinoyatlari ko‘p qayd etilganini inobatga olib, ular sodir qilinayotgan nuqtalarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, fuqarolarning ogohligini oshirish, turar joylar, savdo majmualari, jamoat joylari hamda boshqa ob’ektlarni texnik va jismoniy qo‘riqlov olishni jadallashtirish kerakligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, mahalladagi ijtimoiy-maishiy muammolarni o‘rganish, oilaviy huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirish, bandlik masalalarini hal qilish, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati