Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

KUN TАRTIBIDА ISTIQBOLDАGI MUHIM MАSАLАLАR

19 Sentyabr 2021, 03:09

714

 

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti hamda Koreya Milliy politsiya universiteti o‘rtasida bo‘lib o ‘tgan onlayn videomuloqotda o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston – Janubiy Koreya munosabatlariga to‘xtalib, ko‘p qirrali aloqalarni yanada ravnaq toptirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Taʼkidlab o‘tilganidek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona ruh, ishonchli sheriklik va o‘zaro hurmat tamoyillari yildan-yilga mustahkamlanmoqda. Аyni jihatlar samimiy muloqotlarni faollashtirishda muhim omil bo‘lmoqda.

IIV Аkademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha Koreya tajribasining o‘ziga xos jihatlarini eʼtirof etdi.

– Uzoq istiqbolni ko‘zlagan hamkorlik aloqalarimiz keng qamrovli xususiyat kasb etib bormoqda. Koreya Respublikasi Milliy politsiya agentligi bosh komissari Kim Chang Yong boshchiligidagi delegatsiyaning joriy yil iyun oyida mamlakatimizga, jumladan, Аkademiyamizga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida qator kelishuvlarga erishilib, amaliy hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolangan edi. Bugungi muloqotimiz munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun mavjud imkoniyat va salohiyatlarni to‘liq ishga solishga turtki beradi, – dedi R.Xatamov.

Koreya Milliy politsiya universiteti rahbari janob Kim Jun Yong samimiy muloqot uchun minnatdorligini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Mamlakatda barcha soha va tarmoqlar, jumladan, taʼlim tizimi ham jadal surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Shu bois, koreyalik mutaxassislarda O‘zbekistonning kadrlar tayyorlash tajribasini o‘rganish uchun qiziqish yuqori.

Videomuloqot chogʼida taʼlim muassasalari o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumining tashkiliy jihatlari muhokama qilindi. Kelishuv asosida professor-o‘qituvchilarni malaka oshirish kurslariga jalb etish, kursantlar uchun o‘zaro almashuv (paritet) doirasida o‘quv-seminar mashg‘ulotlarini tashkil etish, Janubiy koreyalik malakali mutaxassislarni Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun yuborish, zamonaviy xavf-xatarlarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, xavfsiz turizm, kiberjinoyatlarni fosh etish va tergov qilish kabi yo‘nalishlarda master-klass mashg‘ulotlari o‘tkazishning aniq muddatlari belgilandi. Shuningdek, tomonlar ilmiy, innovatsion texnologiyalar hamda ommaviy-sport yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni taʼlim jarayoniga tatbiq etishga kelishib oldilar.

IIV Аkademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov pandemiya sharoitida axborot texnologiyalarining zamonaviy imkoniyatlaridan foydalangan holda muntazam onlayn mashg‘ulotlar tashkil etish, “1+1” shaklida videomuloqot va maslahatlashuv platformasini yo‘lga qoʼyish taklifini ilgari surdi. Muhim tashabbus Koreya Milliy politsiya universiteti vakillari tomonidan maʼqullandi.

Shuningdek, Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i, polkovnik M.Rustambayev tizim uchun professional kadrlar tayyorlashda xalqaro tajribani o‘rganish muhim ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi.

Onlayn muloqot yakuni, unda kelishilgan masalalar natijadorligi jihatdan Seul va Toshkent uchrashuvlarining amaliy davom bo‘lgani taʼlim muassasalari rahbarlari tomonidan alohida eʼtirof etildi.

 

Jamshid XOLOV,

kapitan.

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech