IIV akademiyasida turdosh oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan voleybol musobaqasi yakunlandi.
Aytish joizki, olti kun davomida bir-biridan qiziqarli bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Avvalgi turnirlardan farqli o‘laroq, bu gal har bir jamoa jangovar ruh bilan maydonga tushdi. Bahslar ham shunga mos bo‘ldi. Goh taktika, gohida jismoniy ustunlik, ba’zan esa omad jamoalarni g‘alaba yoxud mag‘lubiyat tomon yetakladi. Shu bois, muxlislar kutilmagan natijalar guvohiga aylanishdi.
Nihoyat, natijalar sarhisob qilindi. Unga ko‘ra, Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari eng ko‘p ochko bilan birinchi o‘rin va kubokni qo‘lga kiritishdi. IIV akademiyasi jamoasiga ikkinchi o‘rin nasib qilgan bo‘lsa, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi kursantlari musobaqani uchinchi o‘rin bilan yakunladilar.
Taqdirlash marosimida so‘z olganlar hamkorlikda o‘tkazilayotgan musobaqalar yoshlarni Yangi O‘zbekistonning tinchligi, osoyishtaligi va farovnligi yo‘lida yanada jipslashtirishga, chinakam vatanparvar kadrlarni tayyorlashga xizmat qilishini alohida ta’kidlashdi. Shundan so‘ng g‘olib va sovrindonlarga medal, diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati