Ichki ishlar vazirligi akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni ta’lim muassasasi boshlig‘i Rustam Xatamov ochib, Asosiy qonunimiz mamlakatni har tomonlama isloh etish, fuqarolarimizning tinch-osoyishta hayotini ta’minlash, jamiyatda huquqiy tafakkur va madaniyatni yuksaltirishning mustahkam poydevori ekani, konstitutsiyaviy islohotlar taraqqiyotimizning yangi davrini boshlab berishini alohida ta’kidladi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadiga aylandi. Xalqimizni rozi qilish, tushmush farovonligini yuksaltirish, farovon kelagajagini ta’minlashga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlar jamiyatda inson qadrini ulug‘lashga xizmat qilmoqda. Bugun mamlakatimiz va xalqimiz hayotida ro‘y berayotgan muhim konstitutsiyaviy yangilanishlar ham qator ijobiy jihatlari bilan beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
Aytib o‘tilganidek, Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan Asosiy qonunimizni takomillashtirish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Komissiya faoliyatiga ilmiy-tadqiqot muassasalari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, soha ekspertlari keng jalb qilindi, rivojlangan davlatlarning konstitutsiyaviy tajribasi chuqur va har tomonlama o‘rganildi. Aholi fikrlari va takliflarini uzviy, o‘z vaqtida qabul qilish, umumlashtirishning aniq mexanizmlari joriy etildi. Fuqarolardan kelgan takliflar hamda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan taklif va g‘oyalar “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida o‘z aksini topdi.
Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, xususan, Harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasiga o‘tish jarayonlari, Bosh qomusimizni “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida takomillashtirishning hayotiy zarurati va ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirdilar. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi, endilikda mazkur qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilishi ma’lumot sifatida aytib o‘tildi. Ta’kidlanishicha, konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati