11-avgust kunidan IIV akademiyasida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) ko‘magida, Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xavfsizlik bosh boshqarmasi va Milliy politsiya akademiyasi bilan hamkorlikda “Kiberjinoyatlar orqali olinadigan daromadlarga qarshi kurashish” mavzusida maxsus o‘quv kursi tashkil etildi.
Unda IIV akademiyasi hamda Malaka oshirish institutining professor-o‘qituvchilari, ichki ishlar organlarining kiberxavfsizlik va tergov bo‘linmalari xodimlari xorijiy tajriba asosida bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Maxsus o‘quv kurslarining dastlabki kunida TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Esin Ajar Ergin so‘zga chiqib, bunday o‘quv dasturlarini muntazam yo‘lga qo‘yish hamda ichki ishlar organlari faoliyatida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini qayd etdi.
Mashg‘ulotlar davomida delegatsiya a’zolari amaliy tajribalarini o‘zbek hamkasblari bilan bo‘lishib, kiberjinoyatlar orqali olingan daromadlarni aniqlash, xalqaro hamkorlik mexanizmlari hamda zamonaviy texnologik yondashuvlar bo‘yicha ma’ruzalar o‘qishdi. Bu kabi o‘quv kursi axborot xavfsizligi tahdidlari ortib borayotgan sharoitda kadrlar salohiyatini oshirishda muhim omil ekani ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu o‘quv kursi 15-avgustga qadar davom etadi. Yakunda tinglovchilarga sertifikatlar topshiriladi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati