Joriy yilning 10-sentyabridan ichki ishlar organlarida kasbiy tayyorgarlik oyligi e’lon qilingan edi. Oylik doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar xodimlarning kasbiy va jangovar-jismoniy ko‘nikmalari bilan birga, ma’naviy salohiyatini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.
IIV Akademiyasining Tarbiyaviy ishlarni tashkil etish bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda xodimlarning umumiy dunyoqarashi, ma’naviy-ma’rifiy hamda siyosiy-huquqiy bilimdonligi sinovdan o‘tkazildi. Sinov jarayonida shaxsiy tarkib a’zolarining ma’naviyat va ma’rifat mashg‘ulotlari hamda ichki ishlar organi xodimlari uchun tavsiya etilgan adabiyotlarni o‘qib-o‘zlashtirgani ham inobatga olindi. Xizmat faoliyatida kamchilikka yo‘l qo‘ygan ayrim xodimlarga kasbiy bilim va ko‘nikmalarni muntazam ravishda mustahkamlab borish borasida tavsiyalar berildi.
Bo‘lim boshlig‘i, mayor Farhod Toshtemirovning aytishicha, mamlakatimiz hayotida ro‘y berayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar ichki ishlar organi xodimlarining mas’uliyatini kuchaytirmoqda. Kasbiy tayyorgarlik oyligida o‘tkazilayotgan tadbirlar shaxsiy tarkibning professional mahoratini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Oylik doirasida sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar, intellektual o‘yin va mahorat dasrlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Jumladan, sport majmuasida o‘tkazilgan mashg‘ulotda doimiy tarkib a’zolaridan 100 metr va 3 kilometr masofaga yugurish, to‘sinda tortilish bo‘yicha sinovlar qabul qilindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati