Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

KASBIY KO‘NIKMALAR AMALIYOTDA SHAKLLANADI

19 Aprel 2025, 01:04

102

IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov dual ta’lim asosida joylarda tashkil etilayotgan amaliyot jarayonlari bilan tanishdi.

Hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari, mas’ul murabbiylar va professor-o‘qituvchilar ishtirokida o‘tgan uchrashuvlar yangi tizim samaradorligini oshirish yuzasidan muloqot qilish imkonini berdi.

Akademiya boshlig‘i dastlab Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Ta’lim va amaliyot uzviyligini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlab, mas’ullarga tavsiyalar berdi.

Aytish joizki, dual tizimning samarali yo‘lga qo‘yilgani kursantlar uchun nafaqat amaliy ko‘nikmalarni, balki fuqarolar bilan muloqot qilish, nostandart vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish singari kasbiy xususiyatlarni shakllantirish imkonini ham yaratmoqda. 

O‘quv dargohi boshlig‘i Yashnobod va Bektemir tumanlari ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalarida amaliyot o‘tayotgan kursantlar bilan muloqoti chog‘ida ayni shu omillarga e’tibor qaratdi. Har bir kursant murabbiyining bilim-tajribasidan unumli foydalanishi, o‘z ustida muntazam ishlashi, tizim uchun yetuk professional kadr bo‘lib yetishishi zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, kasb madaniyati va xizmat intizomiga qat’iy rioya qilish masalalariga to‘xtaldi.

Hududlarni o‘rganish jarayonida jinoyatchilikni jilovlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Akademiya boshlig‘i mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish, kriminogen omillarni ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida o‘rganish borasidagi ustuvor vazifalarga to‘xtalib, ichki ishlar organlari mas’ullari va ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilariga topshiriqlar berdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech