Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida “Mahalla yettiligi” tizimi: islohotlar va ustuvor vazifalar” mavzuida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimligi va 2-sektor mutasaddilari, sektor hududidagi mahallalarda faoliyat olib borayotgan “yettilik” a’zolari hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumki, yurtimizda olib borilayotgan islohotlarda mahalla instituti muhim o‘rin tutadi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallalarning aholi muammolarini hal etishdagi rolini tubdan oshirish maqsadida “mahalla yettiligi” tizimi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur yangi mexanizmning samarali ishlashi “yettilik” a’zolarining faoliyat samaradorligini oshirishga bog‘liq.
Tadbirda so‘z olganlar Prezidentimizning 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tdilar.
“Mahalla yettiligi” tizimini samarali tashkil etish, aholi bilan manzilli ishlash, hududlarda jinoyatchilikni jilovlash, bu borada “maktab – ota-ona – mahalla” hamkorligini uzviy yo‘lga qo‘yish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati