Faxriylar – ibrat maktabi, jamiyat ustuni sanaladi. Ularning hayot yo‘li, boy tajribasi kelgusi avlodlar uchun qadrli bo‘lib kelgan. Bugun ham shunday.
Yangi yil bayrami oldidan Ichki ishlar vazirligi akademiyasi rahbariyati tashabbusi bilan faxriylar holidan xabar olinib, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatildi.
Ta’lim muassasasi rahbari Rustam Xatamov iste’fodagi podpolkovnik Lyudmila Chudayeva xonadonida bo‘lib, unga bayram tuhfalarini topshirdi. Samimiy suhbat chog‘ida muhtaram Prezidentimizning tashabbus va g‘amxo‘rliklari bilan keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu ishlar e’tirof etildi.
Soha faxriysi inson qadri ulug‘langan yurtimizda nuroniylar jamiyat hayotining muhim vakillariga aylangani, shogirdlari yo‘qlovidan mamnunligini ta’kidladi. – Bugun xonadonim yanada fayzli bo‘ldi. Biz kabi yoshi ulug‘larga hurmat va ehtirom ko‘rsatilayotgani umrimizga umr qo‘shadi, albatta. Hayotning mazmuni ham shunda aslida, – dedi u.
Darhaqiqat, hayotda munosib iz qoldirgan insonlarning purma’no o‘gitlari yoshlar uchun ibrat maktabidir. Bayram munosabati bilan tashkil etilgan xayrli tadbir ta’lim muassasasida ko‘p yillar samarali mehnat qilib, insoniy fazilatlari bilan e’zoz topgan faxriylar xonadonida davom ettirildi.
Bir guruh professor-o‘qituvchilar Ilhom Mavlonov, Akmal Akilov, Ibrohim Saidahmedov xonadonida bo‘lib, akademiya rahbariyatining bayram tilaklari va sovg‘alarini yetkazdilar. Jondan aziz farzandlari davrasida umrguzaronlik qilayotgan faxriylar hayot yo‘llari, xizmat mashaqqati va yutuqlari haqida so‘zlab, yoshlarga qimmatli nasihatlarini ulashdilar. Shogirdlarining hurmat-ehtiromidan minnatdorlik hislarini tuydilar.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati