Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashropov akademiyada taʼlim olayotgan tinglovchilar va kursantlar bilan muloqot qildi.
Magistraturada bo‘lib o‘tgan tadbirda tergov faoliyatida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida amaliyotga joriy qilinayotgan mexanizmlar, shu bilan birga, soha oldida turgan dolzarb vazifalar xususida so‘z bordi.
Vazir o‘rinbosari keyingi yillarda ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish faoliyati tubdan isloh qilingani, sohadagi yangilanishlar jamiyatda inson qadrini ulug‘lashdek ezgu g‘oyaga xizmat qilayotganini taʼkidladi. Bugungi kunda huquqni qo‘llash amaliyotida, xususan, ishni sudga qadar yuritish bosqichida ayrim muammolar mavjudligi, bu borada tizimli chora-tadbirlar ko‘rilayotgani qayd etildi.
Ochiq muloqotda muammolar tahlil qilinib, rahbar kadrlar oldida turgan ustuvor vazifalar, mamlakatimizda kechayotgan keng qamrovli islohotlarning dolzarb talablari yetkazildi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari kunduzgi taʼlimning “tergov faoliyati” ixtisoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan kursantlar bilan ham uchrashdi. Ochiq muloqotda yosh kadrlar amaliyotda duch kelayotgan muammolar, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida eʼtibor qaratilishi zarur bo‘lgan jihatlar, sodir etilgan jinoyatlarga to‘g‘ri huquqiy baho berish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar davrida soha uchun kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirilgani, akademiya taʼlim jarayonida nazariya va amaliyot uyg‘unligini taʼminlash maqsadida ilg‘or yondashuvlar yo‘lga qo‘yilgani, kursantlar kasbiy bilimlarni mukammal egallagan holda amaliyotga yuqori malakali kadr sifatida borishi zarurligi taʼkidlandi.
Uchrashuvda yoshlarga ko‘plab tavsiyalar berildi. Yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati