IIV Akademiyasida Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni munosabati bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda olima ayollar, ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari va kursantlar ishtirok etdi.
Tadbirni Akademiya boshlig‘i o‘rinbosari Bobur Dadajonov kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda so‘nggi yillarda xotin-qizlarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotganligi, natijada ayollar jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida yetakchi o‘rinlarni egallab, ta’lim, madaniyat va ilm-fan rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib kelayotganligini ta’kidladi.
Davra suhbatida IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar xizmati boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nargiza Mirjalolova, IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Umida Abdullayeva, Toshkent davlat yuridik universiteti, Davlat va huquq kafedrasi professori Feruza Muhitdinova, “Sharq ayoli” xalqaro ayollar jamg‘armasi raisi Saodat Tursunbayeva, IIV Akademiyasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati kafedrasi professori Adina Zakirova, Ma’muriy huquq kafedrasi professori Soraxon Axmedova hamda Davlat-huquqiy fanlar va inson huquqlarini ta’minlash kafedrasi boshlig‘i Karine Djavakovalar so‘zga chiqishdi.
Tadbirda so‘z olganlar “Gender tengligi to‘g‘risidagi qonun – kim uchun?”, “O‘zbekistonda ayollarning tazyiq va zo‘ravonligini oldini olishda tizimli ishlash samaradorligi”, “Ayollar huquq va erkinliklarini ta’minlashning kafolatlari”, “Ilmiy tadqiqotlarda ayollar faolligini oshirish”, “Grant va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirishda axborot texnologiyalarini o‘rni” va “Hamma narsa ayollarning o‘z qo‘lida” kabi mavzularda ma’ruza qildilar.
Ishtirokchilar tomonidan jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish kabi masalalarda fikrlar almashildi.
Tadbir yakunida ilm-fan sohasida faolligi bilan o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xotin-qizlar Akademiya boshlig‘ining buyrug‘i bilan qimmat baho sovg‘alar bilan mukofotlandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati