IIV akademiyasida ta’lim olayotgan magistratura tinglovchilari amaliyotga jalb qilindi.
Ichki ishlar vazirligining tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalarida tashkil qilingan amaliyot davrida tinglovchilarning zamonaviy boshqaruvga oid ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tinglovchilar joylardagi birinchi rahbarlar murabbiyligida boshqaruvni tashkil etish, faoliyatni nazorat va tahlil qilish, jamoa bilan samarali ishlash, muhim va strategik qarorlar qabul qilish, muammoli vaziyatlarda oqilona yechim topish, “taym-menejment” yordamida natijadorlikni oshirish borasida zarur ko‘nikmalarni, hududlarda tatbiq qilingan ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirdilar.
Yakunda har bir tinglovchining amaliyotdagi faoliyati, bilim va ko‘nikmalari, boshqaruvchanlik salohiyati komissiya tartibida baholandi. Bo‘lajak rahbarlarga zarur amaliy tavsiyalar berildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati