Kuni kecha Indoneziya davlatining Semarang shahrida Osiyo politsiya ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi (APTA) Bosh assambleyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Indoneziya, Janubiy Koreya, Malayziya, Tailand, Mo‘g‘uliston, Avstraliya, Filippin, O‘zbekiston va boshqa davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarining ta’lim muassasalari rahbarlari, shu jumladan, IIV akademiyasi boshlig‘i R. Xatamov ishtirok etdi.
Hozirgi integratsiyalashuv sharoitida hamkorlikni mustahkamlash, tashkilotga yangi a’zolarni qabul qilish, ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashinuvini kengaytirish, politsiya kadrlarining zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish salohiyatini oshirish yig‘ilishning asosiy maqsadi bo‘ldi.
Yig‘ilish ochilishida assotsiatsiya vitse-prezidenti P. M. Yung so‘z olib, hamkorlikning bugungi holatida erishilayotgan natijalar, kelgusidagi ustuvor vazifalar, global xavfsizlik va barqarorlik masalalarida yuzaga kelayotgan dolzarb muammolarga e’tibor qaratdi.
Shuningdek yig‘ilishda Indoneziya milliy politsiya akademiyasi, Mo‘g‘uliston ichki ishlar universiteti, Tailand qirollik politsiya akademiyasi, Nepal milliy politsiya akademiyasi, Koreya politsiya xodimlarini rivojlantirish instituti, Vetnam xalq politsiya akademiyasi rahbarlari, APTA, ASEANAPOL tashkilotlari vakillari so‘zga chiqdi.
IIV akademiyasi boshlig‘i R. Xatamov global tahdid va xatarlar sharoitida hamkorlikning yangi formatlarini ishlab chiqish, ta’lim dasturlarini rivojlantirish dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlab, Osiyo politsiya ta’lim muassasalari assotsiatsiyasining samarali faoliyatini alohida e’tirof etdi. Shu yerning o‘zida mehmonlarga IIV akademiyasi faoliyatiga oid videorolik namoyish qilindi. Aytish joizki, o‘quv dargohida yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy ta’lim jarayonlari, o‘qitishning ilg‘or yondashuvlari, akademiyaning zamonaviy qiyofasi va infratuzilmasi xorijiy delegatsiyalar vakillari tomonidan alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda assotsiatsiyaning ayrim hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, tashkilot huzurida tuzilmalar ta’sis etish, tashkilotga yangi a’zolarni qabul qilish va boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi. Shunga ko‘ra, IIV akademiyasi o‘ttiz birinchi a’zo sifatida assotsiatsiyaga qabul qilindi. Joriy yilda Indoneziya milliy positsiya akademiyasida ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar festivalini tashkil etish, kelgusi yil iyun oyida Mo‘g‘uliston ichki ishlar universitetida APTA Bosh assambleyasining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.
Yig‘ilish doirasida Indoneziya milliy politsiya akademiyasida huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni transformatsiya qilishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ham bo‘lib o‘tdi. Yigirmadan ortiq ta’lim muassasalari vakillari qatnashgan anjumanda raqamli texnologiyalar yordamida huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishning zamonaviy imkoniyatlari va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, Osiyo politsiya ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi yig‘ilishiga taklif qilingan mehmonlar Indoneziya milliy politsiya akademiyasi kursantlarining bitiruv marosimida qatnashib, o‘quv muassasasi faoliyati bilan tanishdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati