IIV akademiyasida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokistondagi mintaqaviy vakolatxonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida manfaatli hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar va kelgusidagi loyihalar yuzasidan fikr almashildi. Jahon miqyosida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ta’siriga tushib qolayotgan yoshlar soni ko‘payib borayotgani, insoniyatga zarar yetkazayotgan bunday illatlarga barham berish uchun hamkorlikni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Ekspertlarning fikricha, yoshlar o‘rtasida psixotrop moddalarning ommalashishiga ularning qiziquvchanligi, tez ta’sirga beriluvchanligi, ushbu illatlarning asoratlari va ijtimoiy-huquqiy oqibatlarini tushunib yetmasligi omil bo‘lmoqda. Shu bois, psixotrop moddalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar ko‘lamini kengaytirish, targ‘ibotlar ta’sirchanligini oshirish, yoshlarda faol qarshi immunitetni shakllantirish zarur.
Uchrashuvda mazkur yo‘nalishga qaratilgan dasturlar haqida ma’lumot berildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va ta’lim oluvchilar uchun o‘qishlar tashkil qilish, xalqaro va milliy tajribalarni ommalashtirish, hamkorlik aloqalarini faol tarzda rivojlantirish muhimligi aytib o‘tildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati