IIV akademiyasiga Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Olmaota akademiyasi rahbari Kalijan Koblandin boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
O‘zbek va qozoq xalqlarini mustahkam rishtalar bog‘lab turadi. Ikki qardosh millat azal-azaldan yaqin va inoq do‘st, bir-biriga yelkadosh qo‘shni bo‘lib kelgan. Olmaota akademiyasi vakillarining yurtimizga tashrifi ham o‘quv dargohidagi “Do‘stlik bog‘i”dan boshlandi. Mehmonlarga bog‘ning barpo etilish tarixi, hamkorlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirishdagi ramziy ahamiyati so‘zlab berildi.
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari axborot-resurs markazi, sport majmuasi, kursantlar turar-joyi hamda maxsus jihozlangan mobil transport vositalarini ko‘zdan kechirdilar. Keyingi yillarda amalga oshirilgan ulkan yangilanishlar, ta’lim jarayoniga tatbiq qilingan eng ilg‘or yondashuvlar, istiqbolli loyihalar natijasida erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi. Jahonning nufuzli tashkilotlari va turdosh ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘yilgan xalqaro aloqalar namoyish qilindi.
Muzokaralar zalida bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvda hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov mehmonlarni qutlab, davlat rahbarlarining sa’y-harakati bilan o‘zaro munosabatlarimiz yuksak darajaga ko‘tarilgani, manfaatli hamkorlik barcha sohalarda, shu jumladan, ta’lim muassasalari o‘rtasida ham izchil rivojlanayotganini ta’kidladi. O‘z navbatida, Olmaota akademiyasi boshlig‘i Kalijan Koblandin manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish va sifat jihatdan boyitish tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad ekanligini alohida e’tirof etdi. Uning aytishicha, bugungi kunda ta’lim har bir mamlakat uchun strategik sohalardan biriga aylandi. O‘zbekistonning yetakchi oliygohlari bilan o‘zaro integratsiyani kuchaytirish kadrlar tayyorlash jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng tatbiq qilishga xizmat qiladi.
Samimiy muloqot chog‘ida ko‘plab masalalar yuzasidan fikr almashildi. Ta’lim muassasalari rahbarlari ilg‘or tajribalarni o‘rganish va manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga ishonch bildirdilar.
Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar Ta’lim sifatini monitoring va nazorat qilish markazi, bakalavriat va magistratura uchun mo‘ljallangan o‘quv binolari hamda Ma’naviyat va ma’rifat markazi faoliyati bilan tanishdilar. Aytish joizki, ta’limni raqamlashtirish, nazariya va amaliyotni ta’minlash, ichki ishlar organlari uchun boshqaruv kadrlarini tayyorlash, yoshlarning vatanparvarlik ruhini yuksaltirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, ayniqsa ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi mexanizmlar delegatsiya a’zolarining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati