IIV akademiyasiga BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Omer Fisher tashrif buyurdi.
Ikki tomonlama muloqot chog‘ida inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish, manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov mehmonni qutlar ekan, keyingi yillarda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davr boshlanganini alohida ta’kidladi. Ko‘p qirrali hamkorlik barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini bildirdi.
O‘z navbatida, Omer Fisher mamlakatimizda kechayotgan demokratik islohotlarni mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Misli ko‘rilmagan yangilanishlar inson qadri va farovonligini oshirish, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda mustahkam zamin yaratayotganini aytib o‘tdi.
Uchrashuvda ta’lim sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish, qo‘shma o‘quv dasturlarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va tinglovchi-kursantlarning kasbiy salohiyatini oshirish, inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichi doirasida muhim chora-tadbirlarni belgilab olishga kelishib olindi.
Omer Fisher akademiyada yo‘lga qo‘yilgan innovatsion ta’lim jarayonlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda qo‘llanilayotgan ilg‘or yondashuvlar va o‘quv dargohining istibolli rejalariga yuqori baho berdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati